19-bob. Avtomagistrallarda harakatlanish
121–122-bandlar · Manba: lex.uz
121.Avtomagistrallarda quyidagilar taqiqlanadi:
piyodalar, uy hayvonlari, ot-aravalar, velosipedlar, individual harakatlanish vositalari, skuterlar, mopedlar, kichik hajmdagi mototransport vositalari, traktorlar va o'ziyurar uskunalar, texnik tavsifnomasiga yoki holatiga ko'ra tezligi soatiga 40 kilometrdan kam bo'lgan transport vositalarining harakatlanishi;
(121-bandning ikkinchi xatboshisi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-martdagi 125-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasi, 01.04.2026-y., 09/26/125/0297-son)
yuk avtomobillariga yo'lning chetki chap qatorida harakatlanishi;
5.15 yoki 6.11 yo'l belgilari bilan belgilangan maxsus to'xtab turish maydonchalaridan boshqa joylarda to'xtash;
ajratuvchi bo'lakning texnologik uzilish joylariga kirish va ularda qayrilib olish;
orqaga harakatlanish;
transport vositasini o'rganish uchun boshqarish.
122.Haydovchi qatnov qismida majburiy to'xtaganda, transport vositasini ushbu Qoidalarning 8-bobi talablariga muvofiq belgilashi va bunday holatlar uchun mo'ljallangan tasmaga (qatnov qismining chetini bildiruvchi chiziqdan o'ngroqda) olib chiqishning barcha choralarini ko'rishi kerak.